❓Bolalar o’rtasida sog‘lom ovqatlanishni qanday yo‘lga qo‘yish mumkin?

16 июля, 2025

Farzandlarimizning sog‘lom va baquvvat bo‘lib ulg‘ayishi uchun ularning to‘g‘ri ovqatlanishiga e’tibor qaratish juda muhim. Quyida bolalar o‘rtasida sog‘lom ovqatlanish madaniyatini shakllantirish bo‘yicha foydali maslahatlar bilan bo‘lishamiz:

1️⃣Oilaviy ovqatlanish odatini shakllantiring

Farzandingizni sog‘lom ovqatlanishga o‘rgatishning eng samarali yo‘llaridan biri – oilaviy dasturxon atrofida birga ovqatlanishdir. Oilaviy ovqatlanish bolalarda to‘g‘ri ovqatlanish tartibini shakllantirishga yordam beradi.

2️⃣Ratsionni vitamin va minerallarga boy qiling

Bolalar kunlik taomnomasida quyidagi mahsulotlar bo‘lishi kerak:

🍒🥕Meva va sabzavotlar – tabiiy vitamin manbai;
🥛Sut va sut mahsulotlari – suyaklar mustahkamligi uchun;
🫘Don mahsulotlari – energiya manbai;
🥩🍗Go‘sht, baliq va dukkakli mahsulotlar – oqsil va temir manbai.

3️⃣Fast-food va shirinliklar iste’molini kamaytiring

Zamonaviy bolalar shirin ichimliklar, gazaklar va tez tayyorlanadigan mahsulotlarni ko‘p iste’mol qiladilar. Bunday oziq-ovqatlar semirish, diabet va boshqa sog‘liq muammolariga olib kelishi mumkin. Shirin gazlangan ichimliklar o‘rniga tabiiy sharbatlar, mevali choy yoki oddiy suvni tanlash tavsiya etiladi.

4️⃣Bolalarni o‘zlari ovqat tayyorlashga jalb qiling

Bolalar o‘zlari tayyorlagan ovqatni iste’mol qilishni xush ko‘radilar. Shuning uchun ularni yengil salatlar, mevali kokteyllar yoki nonushtalarni tayyorlashga jalb qiling. Bu ularning sog‘lom ovqatlarga qiziqishini oshiradi.

5️⃣To‘g‘ri ovqatlanishga o‘rnak bo‘ling

Bolalar ko‘proq ota-onalarining odatlariga taqlid qiladilar. Agar siz o‘zingiz sog‘lom ovqatlansangiz, farzandingiz ham shunday odatni shakllantiradi.

6️⃣Majburlash o‘rniga motivatsiya bering

Bolani sog‘lom ovqat yeyishga majburlash o‘rniga, uni rag‘batlantiring. Masalan, unga sabzavotlarni qiziqarli shakllarda kesib bering yoki taomlar dizaynini o‘zgartiring. Shuningdek, sog‘lom ovqatlanishning foydalari haqida qiziqarli hikoyalar aytib bering.

7️⃣Suv ichish odatini shakllantiring

Ko‘pchilik bolalar yetarli miqdorda suv ichmaydi. Har kuni kamida 6–8 stakan oddiy suv ichish bolalarning metabolizmini yaxshilaydi va energiyasini oshiradi.

Farzandlaringizning sog‘lom o‘sishi uchun ularni to‘g‘ri ovqatlanishga o‘rgatish juda muhim. Buning uchun ularga mazali va foydali taomlar tayyorlang, oilaviy ovqatlanish madaniyatini shakllantiring va o‘zlaringiz ham sog‘lom ovqatlanishga harakat qiling.

‼️Farzandlarimiz sog‘lom bo‘lsa – kelajagimiz ham yorqin bo‘ladi!

Sanepidqo’mita Toshkent shahar boshqarmasi
Axborot xizmati

Оставьте комментарий